Universitetni tashkil etish haqidagi qaror
Quyida qarorning universitetga tegishli qoidalari qisqacha bayon etilgan. Qarorning to‘liq asl nusxasi PDF shaklida taqdim etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-24-son qarori
Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida
Tashkil etish asosi
Turkiy davlatlar xalqaro universitetini Toshkent shahrida tashkil etishning huquqiy asosi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-24-son «Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori.
Qarorning 3-bandida universitet Respublika oliy ta’lim kengashi hamda Turkiya oliy ta’lim kengashi muassisligidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti sifatida belgilangan. Qarorda ta’lim faoliyatini tegishli litsenziya olingandan so‘ng amalga oshirishga ruxsat berilishi qayd etilgan.
Maqsad va asosiy yo‘nalishlar
Qarorda turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadi belgilangan.
Ta’limni tashkil etish
Qarorda 2025/2026 o‘quv yilidan ta’lim jarayonini xalqaro reytinglarda birinchi 1000 talikka kirgan, shuningdek o‘z yo‘nalishida yetakchi bo‘lgan Turkiya oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv dasturlari asosida tashkil etish belgilangan.
Qabul va moliyalashtirish shartlari
Qarorda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi, qabul parametrlari va kontrakt miqdorini universitet belgilashi ko‘rsatilgan. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat buyurtmasi taqsimotida ishtirok etishga ruxsat berilgan. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar fuqarolari uchun grant o‘rinlari ajratilishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Diplomlar
Qarorda bitiruvchilarga hamkor xorijiy oliy ta’lim tashkilotining diplomi hamda universitetning belgilangan namunadagi diplomi berilishi va berilgan diplom O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi belgilangan.
Hamkor tashkilotlar vazifalari
4-bandda hamkor Turkiya oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash, hamkor kutubxonalardan foydalanish imkoniyati yaratish, xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb etish hamda pedagog kadrlar tayyorlash uchun magistratura va doktoranturaga maqsadli grant o‘rinlari ajratish nazarda tutilgan.
Joylashtirish va moliyalashtirish
6-bandda universitetni Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chasi, 3 va 3-a-uy manzillaridagi bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish belgilangan.
9-bandda Respublika oliy ta’lim kengashi mablag‘lari, universitetning o‘z mablag‘lari, kontrakt va ta’lim xizmatlaridan tushumlar, homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar moliyalashtirish manbalari sifatida ko‘rsatilgan.